Yangiliklar

SIMMIT xalqaro tashkiloti roʼyxatiga kiritilgan bugʼdoy navi

17:08 / 2020-02-16

OʼzR FА Genetika va oʼsimliklar eksperimental biologiyasi instituti tomonidan sariq va qoʼngʼir zang kasalliklariga chidamli, hosildorligi oʼrtacha, non boʼlish sifati yuqori boʼlgan “Bardosh” bugʼdoy navi yaratilgan. Ushbu nav biologik fakultativ tipga mansub, qiltanoqli, boʼyi 85-90 sm, vegetatsiya davri 1 yanvardan hisoblanganda 120 kunga teng, Krasnodar navlariga nisbatan 10 kunga tez pishadi. Ekish muddati oktabr oyining ikkinchi yarmida, ekish me'yori gektariga 180-200 kg. Urugʼ kimyoviy ishlov berishni talab qiladi. Ekishdan oldin gektariga 150-200 klogramdan fosforli oʼgʼit berish yaxshi natija beradi. Navning fakultativ tipga mansubligini eʼtiborga olib, azotli oʼgʼitlarni kuzda berish yoki erta muddatlarda ekish tavsiya etilmaydi. Oʼgʼitga talabchanligi oʼrtacha, suvni koʼp talab qilmaydi, vegetatsiya davrida 2-3 marta yengil sugʼorish yetarli boʼladi.

“Bardosh” bugʼdoy navi 2013-yildan istiqbolli nav sifatida Davlat reestriga kiritilgan. Bu nav SIMMIT xalqaro tashkiloti tomonidan sariq va qoʼngʼir zang kasalliklariga chidamli nav sifatida tan olingan.